Prezident Andijonda $2,3 mlrdlik 98 ta loyihani ishga tushirdi, $7,3 mrdlik 108 ta qurilishga start berdi

Prezident Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.

Marosimda umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar boʻlgan 206 ta loyiha qamrab olindi. Shundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi.

Ushbu loyihalar energetika, qurilish, toʻqimachilik, mashinasozlik, taʼlim, turizm, logistika, farmatsevtika va sogʻliqni saqlash kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.

Xususan, paxta-toʻqimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimi, mebelsozlik va charm-poyabzal sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyosh panellari va mikrogidroenergetika uskunalari ishlab chiqarish, shuningdek, zamonaviy taʼlim va tibbiyot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Yangi loyihalar doirasida zamonaviy turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiyasi, chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonasi, transport vositalari va yuk vagonlari ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish koʻzda tutilgan.

Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Tojikiston kompaniyalari hamda mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Ularning roʻyobga chiqarilishi natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi, yiliga 60,6 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport imkoniyati shakllanadi.

Marosimda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan masʼullar, xorijlik hamkorlar va tashabbuskorlar videoaloqa orqali ishtirok etdi. Ular loyihalarning ahamiyati, amalga oshirish jarayoni va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari mazkur tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va mahalliy tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, 98 ta yangi loyihani ishga tushirdi va 108 ta obyekt qurilishiga start berdi. Shundan soʻng investorlar va hudud faollari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92315 | Инструменты