Butun hayoti va faoliyatini qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov bugun 79 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev, Tanzila Norboyeva, Abdulla Aripov va yana bir qator hukumat rahbarlari butun xalqimizga hamdardlik bildirib, oilasiga ta'ziya yo'lladi.
Parda Ziyatov 1947-yili Jizzax viloyatining Sharof Rashidov (sobiq Jizzax) tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida agronom mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.
Harbiy xizmatni o‘tab kelgach, mehnat faoliyatini tumandagi Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xo‘jaligida tabelchi sifatida boshladi. Keyinchalik mazkur xo‘jalikda brigada boshlig‘i, shirkat xo‘jaligi bosh pudratchisi kabi vazifalarda samarali faoliyat ko‘rsatdi.
Dehqonchilik ilmini chuqur biladigan P. Ziyatov 2003–2018-yillarda Sharof Rashidov tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib, mamlakatimizda agrar sohada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakati rivojini yangi bosqichga olib chiqishga katta hissa qo‘shdi. U shartnoma rejalarini muntazam ortig‘i bilan bajarib kelgan, paxtachilik va g‘allachilikda o‘z tajriba maktabini yaratgan zahmatkash fermer, mohir tashkilotchi, kamtarin va samimiy inson sifatida nafaqat Jizzax viloyatida, balki butun respublikamizda munosib obro‘-e’tibor topdi.
Mashhur fermer ko‘plab yoshlarga ustozlik qilib, qishloq xo‘jaligi sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ham alohida jonbozlik ko‘rsatdi.
Ziyatov 1990–1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2015-yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi hamda ko‘p yillar davomida Xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida jonkuyarlik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyon etdi.
Parda Ziyatov so‘nggi yillarda, nafaqada bo‘lishiga qaramasdan, qishloq va mahallalarni obod qilish, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Parda Ziyatovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining yorqin namoyandasi, mehnat faxriysi, samimiy va kamtarin inson Parda Ziyatovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92316 | Инструменты