Ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun 2024-yilda “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 800 milliard so‘m ajratiladi

Prezident huzurida yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ko‘tarilgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi.

Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, “Avtoyo‘l” qo‘mitasiga avtomobil yo‘llari sohasini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Loyihada yo‘l va ko‘priklarni qurish va ta’mirlash bo‘yicha uch yillik tumanbay dasturini, yo‘l korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashni, yo‘llarni saqlash ishlarining bir qismini xususiy sektorga o‘tkazishni nazarda tutish vazifasi qo‘yildi.

Endilikda yo‘llarni loyihalashtirishda kompleks yondashuv bo‘ladi.

Ya’ni, qayerda to‘xtash joyi bo‘ladi, qayerda daraxt ekiladi, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qayerda joylashadi, degan savollarga loyihaning o‘zida to‘liq javob bo‘lishi kerak. Shundan keyingina loyiha qabul qilinadi.

Yig‘ilishda bundan buyon ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun byudjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratilishi belgilandi.

“Endi qayerda ichki yo‘l qurish, qayerdagi yo‘llarni ta’mirlashni odamlarimizning o‘zi hal qiladi.

Shunday qilsak, loyihani tanlab olishda va sifatni ta’minlashda ochiqlik bo‘ladi, to‘liq jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi”, - dedi Prezident.

Ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun 2024-yilda “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 800 milliard so‘m ajratish topshirildi.

Xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqishda yangidan tuzilayotgan jamg‘arma imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Bunda, maxsus ishchi guruh yo‘l xo‘jaligi sohasida investisiya va davlat-xususiy sheriklik metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqadi.

Viloyat hokimlari bilan birgalikda loyihalar tanlab olinadi va investorlarni jalb qilish uchun tayyorlanadi.

Yig‘ilish davomida soha mutasaddilari va hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51504 | Инструменты