Huawei 1
Joriy yilda elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish 40 trillion so‘mga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq tajribali tadbirkorlar ham ishtirok etmoqda.

Davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, energetikadagi xususiy sherikchilik loyihalarida mahalliy tovarlar ulushini 25 foizga, kabel-o‘tkazgichlarda esa 70 foizga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Boshqa tarmoqlarda ham shunday shartlarni kelishib olish topshirildi.

Bunda, “Uzeltexsanoat” uyushmasi, viloyat hokimlari buyurtmalarni korxonalarga joylashtiradi, tegishli tarmoqlar rahbarlari esa mahalliy korxonalarga o‘z talablarini yetkazib, ularni standartlarga moslashtirish va sertifikat olishida ko‘maklashadi.

Umuman, joriy yilda elektrotexnika sohasida ishlab chiqarishni 40 trillion so‘mga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida elektrotexnika tarmog‘iga oid ko‘p masalalar o‘z yechimini topdi.

Masalan, faktoringdan eng ko‘p foydalanuvchi ham elektrotexnika korxonalari. Yil yakunigacha sohaga kamida 30 million dollarlik faktoring uchun resurs jalb qilinadi.

Hozirda tashqi qarz hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda chetdan kirayotgan tovarlar bojxona boji va QQSdan ozod qilingan. Lekin bu loyihalarda qatnashayotgan o‘zimizning korxonalar QQS to‘layotgani oqibatida import tovarlar bilan narx bo‘yicha raqobat qila olmagani uchun bunday loyihalardagi ishtiroki cheklangani ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga yetkazib berilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilishi belgilandi.

Tarmoq korxonalariga yagona talab – sifat, tannarx va raqobat. Buning uchun ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy qilinishi va sertifikat mavjud bo‘lishi zarurligi taʼkidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11512 | Инструменты