Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Xizmatlar ko‘lamini kengaytirish uchun taksi agregatorlaridan biri 2 mingta avtomobil kreditiga kafil bo‘lib, 4 ming odamni ishli qilish taklifi bilan chiqqan.
Buning hisobiga yangi zamonaviy taksilar ko‘payadi. Bunday loyihalarga banklar 1 trillion so‘m kredit ajratishga tayyor.
Ko‘plab avtosalonlar avtomobil xaridi uchun pul to‘liq to‘lansa chegirma bermoqda. Lekin amaldagi qoidalarga ko‘ra, kreditga beriladigan avtomashina uchun bu chegirmani banklar qabul qilmaydi. Vaholanki, banklarga chegirma qabul qilishga ruxsat berilsa, kredit stavkasi 4 foizga arzonlashadi.
Bu cheklovni mahalliy avtomashinalar uchun bekor qilish muhimligi taʼkidlandi.
Umuman, bu yil transport xizmatlari hajmini 15 foizga oshirib, 185 trillion so‘mga, eksportini 2,2 milliard dollarga olib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar bo‘ldi. Lekin, bu imkoniyatlarimizga mos emasligi qayd etildi.
Masalan, Malayziya va Indoneziyada 7 millionga yaqin Naqshbandiya tariqati izdoshlari bor. Ular Umraga borishdan oldin ziyoratgohlarimizga sayohat qilishni istaydi. Bu sayyohlarni Kuala-Lumpur yoki Jakartadan Samarqand va Buxoroga kamida 2 kunga olib kelib, keyin o‘zimizni samolyotda Umraga yuborish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Mutasaddilarga Malayziya va Indoneziya ziyoratchilari uchun “Umra plyus” turpaketini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shahrisabzda “Oqsaroy”, Xivada “Ichan qalʼa”, Buxoroda “Labi hovuz”, Toshkentda “Yangi O‘zbekiston” maydonlari bo‘lsa-da, ularda konsert, ko‘rgazma, forumlar o‘tkazish bo‘yicha reja qilinmagani ko‘rsatib o‘tildi. O‘zimizdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konsertlari tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari sayyohlar bilan to‘lishi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 million turistni olib keladigan konsert, biznes forumi va ko‘rgazmalar o‘tkazish dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, to‘liq o‘rganilmagan tarixiy obyektlar juda ko‘pligini inobatga olib olimlar bilan birgalikda jozibador tarixiy obyektlarni aniqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20720 | Инструменты