«O‘zbekiston DXR va LXRni tan olmaydi» — Abdulaziz Komilov
Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining yigirma toʼrtinchi yalpi majlisi bo'lib o'tmoqda. Unda TIV rahbari Ukraina atrofida boʼlayotgan voqealarga munosabat bildirdi:
"Аvvalambor, Ukraina atrofidagi vaziyat Oʼzbekistonda jiddiy xavotir uygʼotmoqda. Ikkinchidan, Oʼzbekiston vaziyatga tinch yoʼl bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori. Buning uchun, birinchi navbatda, harbiy harakatlar, zoʼravonliklar zudlik bilan toʼxtatilishi zarur.
Oʼzbekiston tarixan ham Rossiya Federatsiyasi bilan, ham Ukraina bilan anʼanaviy koʼp qirrali aloqalarga ega. Va biz har ikki mamlakatlar bilan oʼz milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda oʼzaro manfaatli hamkorlikni davom ettiramiz.
Biz bugungi ogʼir kunlarda Ukrainaga gumanitar yordam beramiz va hozirgi ogʼir vaziyatni inobatga olib gumanitar yordam yuborishda davom etamiz.
Oʼz navbatida, Oʼzbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yahlitligini tan oladi. Biz Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmaymiz", - dedi Abdulaziz Komilov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111323 | Инструменты