O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSH prezidenti ko‘magida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishilganini olqishladi.
TIV bayonotida Misr, Qatar va Turkiyaning ushbu muhim jarayonda muvofiqlashtirilgan faoliyati va ularning muhim roli yuqori baholandi. «Mazkur saʼy-harakatlar zo‘ravonlikni tez fursatda to‘xtatish, gumanitar inqirozni yengillashtirish hamda siyosiy muloqotni tiklash uchun zamin yaratmoqda», — qayd etdi vazirlik.
O‘zbekistonning tashqi ofisi mamlakat doimo xalqaro huquq meʼyorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«O‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar o‘rtasida xavfsizlikni taʼminlash, barqaror hamjihatlikni o‘rnatish va o‘zaro ishonchni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yechim sari muhim qadam bo‘lishiga ishonchimiz komil», — deyiladi xabarda.
TIV O‘zbekiston Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va gumanitar yengillikni taʼminlashga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarga konstruktiv hissa qo‘shishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101015 | Инструменты