Huawei 1
O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan diniy ta’limda hamkorlik qiladi

16-aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Janubiy Koreya safari boshlangan edi. Kunning birinchi yarmida Muftiy hazratlari Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi prezidenti Xvang Byong Xa-Ahmad janoblari va Janubiy Koreya musulmonlari jamoati bosh imomi Li Ju Xva-Abdurahmon Li bilan uchrashuv o‘tkazdilar.  

Federatsiyasi prezidenti O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi bilan qutlab, yurtimizning islom tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini taʼkidlash barobarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug‘ zotlar va Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar musulmon olami eʼtiborini qozongani, qadamjo va maqbaralar dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilarni o‘ziga jalb etishini eʼtirof etdi. Shuningdek, u bir necha bor zaminimizda mehmon bo‘lganini aytish barobarida xalqimizning odamiyligini va samimiyligini alohida qayd qildi.

Muloqotda Muftiy hazratlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanib borayotgani, diniy idoralar o‘rtasida aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, o‘tgan Ramazon oyida bir guruh o‘zbekistonlik ulamolar Janubiy Koreyaning Seul, Kojedo, Kimxe, Cheongju, Mokpo kabi shaharlaridagi tadbirlarda mahalliy aholi va vatandoshlar bilan maʼrifiy suhbatlar o‘tkazganlarini aytib o‘tdilar. O‘zbekistondagi so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, diniy jabhadagi yangilanishlar to‘g‘risida maʼlumot berdilar. Shuningdek, marosim ishtirokchilariga O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan rolik namoyish etildi va tarqatma materiallar taqdim etildi. 

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi o‘rtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun asos bo‘ladigan anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat asosida diniy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, diniy taʼlim va imom-xatiblar tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, yot g‘oyalarga birgalikda qarshi kurashish va hamkorlikda anjumanlar o‘tkazish kabilarni amalga oshiriladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada mehnat migrantlari ko‘p joylashgan hududlardagi jome masjidlarga o‘zbekistonlik imom-xatiblarning uzluksiz maʼrifiy suhbatlar tashkil etish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga