Sankt-Peterburgdagi norasmiy uchrashuvning madaniy dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar rahbarlari bilan birgalikda “Ermitaj” davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Yetakchilar noyob sanʼat asarlari va madaniyat yodgorliklari toʻplangan ushbu dunyodagi eng yirik muzeylaridan birining ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Tashrif chogʻida Rossiya va Yevropa tarixi hamda badiiy merosining asosiy bosqichlarini aks ettirgan Bosh muzey majmuasi zallari bilan tanishildi.
Delegatsiyalar rahbarlari Aleksandr zalida boʻlib, badiiy kumush ekspozitsiyasini koʻzdan kechirdilar, shuningdek, tantanali marosimlar va rasmiy tadbirlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan Piketlar zali va Gerblar zaliga tashrif buyurdilar.
Qimmatbaho metallardan tayyorlangan betakror buyumlar saqlanuvchi Oltin xazina, afsonaviy “Tovus” mexanik soati joylashgan Kichik Ermitajning Pavilyonlar zali mehmonlarda alohida qiziqish uygʻotdi.
Tashrif davomida madaniy muloqotni mustahkamlash, tarixiy merosni asrab-avaylash va Hamdoʻstlik davlatlari oʻrtasida gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122220 | Инструменты