Oʻzbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Turkiyada boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning taklifiga binoan 29-yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Muzokaralarda Oʻzbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari diqqat markazida boʻladi.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, tovar ayirboshlashni oshirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, faol madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirish masalalari ham koʻrib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar toʻplamini imzolash koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari qator qoʻshma tadbirlarda ishtirok etadilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12820 | Инструменты