Tomonlar Toshkent—Ashxobod yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va xalqaro yuk tashuvlarini yengillashtirish masalasini ham muhokama qildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev 18-noyabr kuni Turkmanistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov bilan uchrashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvda chegaradosh hududlar aholisining 2004-yilgi hukumatlararo bitimda nazarda tutilgan uch sutkagacha vizasiz qatnovini tiklash masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Toshkent—Ashxobod—Toshkent yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, xalqaro yuk tashuvlarini yengillashtirish va chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini takomillashtirish masalalari ham qayd etildi.
Konsullik sohasida esa fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vakolatli idoralar o‘rtasida axborot almashinuvini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalarni tegishli idoralar bilan birgalikda ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111911 | Инструменты