Tashrifdan maqsad aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va shahar hayotining turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirish.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan AQShning Sietl shahrida bo‘lib turibdi, deya xabar bermoqda hokimiyat matbuot xizmati. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va shahar hayotining turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi sharafiga shahardagi binolar va obyektlar bayroq ranglarida yoritildi. Qolaversa, Sietl do‘stlik rishtalari bog‘lab turgan shahardan kelgan mehmonlarni shu tariqa qarshi oldi, deya qayd etdi hokimlik.
Toshkent va Sietl 1973-yilda birodarlashgan shaharlarga aylangan, oradan bir yil o‘tib esa Kapitol-Xill tumanida “Toshkent” bog‘i barpo etilgan. Bugungi kunda bu yerda mahalliy aholi sayr qiladi, “Toshkent bog‘i do‘stlari” guruhi a’zolari esa bog‘ni parvarish qilib, uning tarixini asrab-avaylab kelmoqda. Delegatsiya mazkur bog‘ga tashrif buyurib, guruh vakillari bilan uchrashdi.
1988-yilda O‘zbekiston poytaxtida “Sietl” bog‘i ochilgan. 2023-yilda Gazeta shaharlar o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilganining 50 yilligi munosabati bilan Sietl delegatsiyasining tashrifi haqida yozgan edi.

Hokimlik delegatsiyasi futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionatining oltita o‘yini bo‘lib o‘tgan Lumen Field stadionida bo‘ldi. Arena mutaxassislari bunday miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda uning umumiy taqvimida sport bellashuvlari, festivallar, konsertlar va oilaviy tadbirlar qanday uyg‘unlashtirilishi haqida so‘zlab berdi.
Toshkent vakillari Osiyo butunjahon kinofestivali tashkilotchilari bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda “Toshkent — festivallar shahri” tashabbusi doirasida poytaxtning festival industriyasini rivojlantirish uchun hamkorlik qilish va xalqaro tajribani jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington shtatida asli o‘zbekistonlik 3000 dan ortiq kishi yashaydi. Ularning aksariyati Sietl shahri va uning atrofida ishlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111910 | Инструменты