Huawei 1
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi

Joriy yil 7-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Saudiya Arabistoni podshohligi Bosh prokurori Shayx Saud Abdulloh Al-Muajib o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, muloqotda tomonlar huquqiy hamkorlik masalalari, ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilgan.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Saudiya Arabistoni prokuraturasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Saudiya axborot agentligining xabar berishicha, memorandum – terrorizm va uni moliyalashtirish, noqonuniy daromadlarni legallashtirish, ayniqsa uyushgan jinoyatchilikka doir jinoyatlarning surishtiruvlari borasida hamkorlik qilishga qaratilgan. Shuningdek, kelishuvda o‘zaro manfaatdor bo‘lgan sohalarda axborotlar almashinuviga ko‘maklashish, huquqiy sohadagi tadqiqotlar hamda ikki prokuratura organlari o‘rtasida ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarni tashkil qilish nazarda tutilgan.

«Tashrif maqsadi Saudiya Arabistoni prokuraturasi va uning o‘zbekistonlik hamkasbi o‘rtasidagi xalqaro sud aloqalarini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish va ilg‘or xalqaro huquqiy tajribani ilgari surish bo‘yicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishdan iborat», – deyiladi agentlik xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111420 | Инструменты