Huawei 1
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lib kirish bo‘yicha AQSH bilan muzokaralari yakunlangani rasman eʼlon qilindi

2024-yil 19-dekabr kuni Vashington shahrida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH) o‘rtasida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lishi doirasida bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarning yakunlanganligi to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.

Avvalroq, noyabr oyi boshida muzokaralar guruhlari tomonidan ushbu muzokaralarning yakunlanganligi to‘g‘risida eʼlon qilingan edi.

Tegishli bayonnoma O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va AQSH Savdo vakili K. Tay tomonidan imzolandi.

Ushbu marosimda:

- O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili A. Urunov, O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va Muxtor elchisi F. Sidiqov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari A. Aliyev hamda muzokaralar guruhi aʼzolari;

- AQSH tomonidan AQSH Savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari B. Linch, JST va ko‘p tomonlama savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N. Bek va bozorga kirish bosh muzakarachisi O. Lutchin qatnashdi.

Tadbirda tomonlar erishilgan kelishuvlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab, muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishi ikki mamlakatning ko‘p tomonlama savdo tizimi, adolatli va shaffof savdo qoidalarga asoslangan munosabatlarga sodiqligini qayd etishdi.

AQSH tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni va JSTga aʼzo bo‘lish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

AQSH Savdo vakili tomonidan O‘zbekistonning global savdo tizimiga integratsiyalashuviga qaratilgan saʼy-harakatlari xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga, eng asosiysi, xalq farovonligini yaxshilashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Imzolash marosimi so‘ngida, tomonlar yana bir marta O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish jarayonini tezlashtirish maqsadida, shu jumladan, ko‘p tomonlama muzokaralar va qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shartlarini muvofiqlashtirish doirasida hamkorlikni jadallashtirishini tasdiqladilar.

Taʼkidlash lozim, O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish jarayoni doirasida AQSH – bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan 21-davlat bo‘lgan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122017 | Инструменты