Maʼlumki, joriy yilning 18 oktyabr kuni Qonunchilik palatasi tomonidan amaldagi “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish orqali mazkur Qonun yangi tahrirda qabul qilingan edi.
Bugun mazkur Qonun Oliy Majlis Senatining agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasida senator va qo‘mita ekspertlari tomonidan muhokama etildi. Qonunning mazmun va mohiyati bo‘yicha markaz Bosh direktori G‘.A.Muxamedov maʼruza bilan ishtirok etdi.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, mamlakatimizda ekologik ekspertiza o‘tkazishning huquqiy asoslari bundan salkam chorak asr oldin qabul qilingan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonun va bir qator qonunosti hujjatlarida belgilangan bo‘lib, amaldagi huquqiy hujjatlari tarqoq hamda qator normalar havola xususiyatga ega ekanligi soha samaradorligini taʼminlashda to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Amaldagi qonunda asosiy tushunchalarga huquqiy taʼrif berilmaganligi, ekologik ekspertiza institutida ishtirok etuvchilarning huquq va majburiyatlari ko‘rsatilmaganligi, ayrim ekspertiza jarayonlarining huquqiy mexanizmlari mavjud emasligi ham ushbu tadbirni amaliyotda keng qo‘llashga to‘sqinlik qilmoqda.
Ekologik ekspertiza obyektlarining atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha toifasining ko‘pligi va ular o‘rtasidagi farqlash bo‘yicha aniq mezonlarning mavjud emasligi ham ekspertiza jarayonlarida noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shu sababli obyektlarining atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha toifalari xalqaro talablarga asosan optimallashtirilmoqda. Bu borada, xalqaro amaliyotni keng o‘rganish maqsadida rivojlangan bir qator davlatlarning sohaga oid qonunchiligi o‘rganildi, xalqaro ekspertlarning taklif va tavsiyalari asosida Qonun normalari takomillashtirildi.
Shu sababli yangi tahrirdagi Qonun bilan atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayoni qonunchilik hujjatiga olib chiqilmoqda va qonun nomida o‘z aksini topmoqda. “Elektron xukumat” prinsiplari esa ekspertizasiga oid materiallarni onlayn tarzda taqdim etish va shu tartibda xulosa olish imkoniyatini beradi.
Bu esa sohada inson omilini cheklash orqali tadbirkorlik subyektlarining ovoragarchiligini oldini olish va tizimning shaffofligini taʼminlashga va pirovard natijada korrupsion holatlarga barham berilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Qonun strategik ekologik baholash institutini amalda joriy etishning huquqiy normalari bilan to‘ldirildi. Bu o‘z navbatida uzoq va yaqin muddatlarga mo‘ljallangan davlat strategik hujjatlarning ekologik oqibatlarini oldindan aniqlash, baholash va oldini olish imkoniyatlarini yaratadi.
Hozirda mamlakatimizda 400 ga yaqin atrof muhitga taʼsirni baholash bo‘yicha materiallar va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyat olib boradi. Biroq, amaldagi Qonunda ekspertiza institutining asosiy ijrochilari sifatida ularning faoliyati huquqiy tartibga solinmagan.
Shundan kelib chiqqan holda Qonunda ularga nisbatan malaka sertifikatini joriy etish va tashkilotlarning reytingini shakllantirishning huquqiy asoslari belgilanayotganligi o‘z navbatida ular tomonidan belgilangan ekologik normalarga zid bo‘lgan sifatsiz loyiha hujjatlarini tayyorlashni oldini oladi.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini taʼminlash, ekspertiza organlariga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, ularga uslubiy rahbarlik qilish, shuningdek, ekspertizani o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar kengashi tashkil etilmoqda.
Davlat ekologik markazi bosh direktori qo‘mitadagi o‘z so‘zlari yakunida, Davlat rahbari tomonidan xalqimiz xohishi va istagi bilan kirib kelayotgan 2025 yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” barcha ekologlar qatorida davlat ekologik ekspertizasi organlariga ham yuksak ishonch va ulkan masʼuliyat yuklashi alohida taʼkidlab o‘tildi.
Maʼruzadan so‘ng Qonunchilik subyektlari vakillariga senator va ekspertlar tomonidan tegishli savollar berildi. Davlat ekologik ekspertizasi markazi xodimlari tegishli savollarga javob qaytardi.
Tadbir so‘ngida Qonunni maʼqullash bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Qonun Oliy Majlis Senatining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi belgilab qo‘yildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20511 | Инструменты