O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Bryusselda joylashgan) G'ayrat Fozilov 4-dekabr kuni Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandrga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosimdan so'ng bo'lib o'tgan suhbatda O'zbekiston va Niderlandiya o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Qirol Villem-Aleksandr O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Qirol, shuningdek, Niderlandiya va O'zbekiston o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dinamik xususiyatini mamnuniyat bilan qayd etib, turli darajadagi muntazam siyosiy aloqalar, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik faollashganiga alohida e'tibor qaratdi.
Niderlandiyaning mazkur tarmoqlardagi boy tajribasini hisobga olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ayniqsa, qishloq xo'jaligi, suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg'or texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida o'zaro manfaatli aloqalarni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20512 | Инструменты