Joriy yilning 13-dekabr kuni O'zbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi Dilshod Axatov (qarorgohi Berlin shahrida) Chexiya Prezidenti Petr Pavelga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Chexiya Prezidentining rasmiy qarorgohi "Praga Qasri"da bo'lib o'tgan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi doirasida faxriy qorovul ishtirokida tadbir o'tkazilib, O'zbekiston bayrog'i ko'tarildi va mamlakatimiz madhiyasi yangradi.
Suhbat chog'ida Petr Pavel O'zbekistonni Chexiyaning xalqaro hamjamiyatdagi muhim hamkorlaridan biri sifatida e'tirof etdi. Chexiya rahbari rasmiy Praganing mamlakatimiz bilan o'zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash va rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanligiga urg'u berdi.
U so'nggi paytlarda mamlakatlarimiz o'rtasida siyosiy aloqalar mustahkamlanib borayotganini ta'kidlab, O'zbekiston Prezidentining Chexiya bosh vaziri Petr Fiala bilan joriy yil 13-noyabr kuni Bakudagi uchrashuvi va mamlakat tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning 21-22-oktyabr kunlari Toshkentga tashrifi yuqori darajadagi muloqotlarning izchil faollashuviga zamin yaratishini qayd etdi.
Chexiya yetakchisi transport, mashinasozlik, energetika, tibbiyot kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo'lishini ma'lum qildi. Petr Pavel O'zbekiston bilan munosabatlarni ko'p tomonlama formatda jadallashib borayotganiga alohida e'tibor qaratdi. U Yevropa Ittifoqining "Global darvoza" (Global Gateway) strategiyasi doirasida transport sohasida o'zaro bog'liqlikni kuchaytirish bo'yicha hamkorlikni olib borish ikki mintaqaning iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta'kidlab o'tdi.
Suhbat so'nggida Chexiya Prezidenti Petr Pavel O'zbekiston rahbariyati va xalqiga muvaffaqiyat va farovonlik tiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121520 | Инструменты