Parkentda zamonaviy oilaviy dam olish majmuasi barpo etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanining Kumushkon mahallasidagi “Silver Valley” oilaviy dam olish majmuasi bilan tanishdi. Davlat rahbarining Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi qarori asosida joylarda zamonaviy turizm majmualari barpo etilmoqda.

“Silver Valley” oilaviy dam olish majmuasi ham shunday loyihalardan biri. U tabiat qoʻynida mazmunli hordiq chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, hududning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan. Umumiy qiymati 148,5 milliard soʻm boʻlgan majmua 29,5 gektar maydonda joylashgan. Loyiha doirasida 200 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Bu yerda jami 120 oʻrinli 12 ta shale uslubidagi uy, zamonaviy qabul binosi, 300 oʻrinli restoran, jami 200 oʻringa moʻljallangan 12 ta oʻtov-restoran, 100 oʻrinli terrasa-kafe hamda 4 ta SPA majmuasi barpo qilingan.

Sayyohlarning mazmunli dam olishi uchun tafakkur yoʻlagi, vorkaut zonalari, ziplayn va tyubing attraksionlari, yozgi kinoteatr hamda 10 ta attraksiondan iborat koʻngilochar maydon tashkil etilgan. Majmua toʻliq ishga tushgach, kuniga 2,7 ming nafargacha mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Prezident aholi bilan suhbatda turmush darajasi yuksalishi bilan odamlarning mazmunli dam olishga boʻlgan ehtiyoji ham ortib borayotganiga eʼtibor qaratdi.

– Odamlarning daromadi koʻpayib, ishlari yaxshilangan sari ular dam olish uchun qulay joy izlaydi. Parkentda shunday sharoitlar yaratsak, bu yerga oilalar farzandlari bilan kelib hordiq chiqaradi. Bunday turistik maskanlarni yil sayin koʻpaytirib borsak, nafaqat Toshkentdan, balki respublikamizning barcha hududlaridan odamlar keladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Qayd etilganidek, bunday loyihalar turizmni rivojlantirish bilan birga, aholining dam olishi uchun munosib sharoitlar yaratish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va mahalliy tadbirkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning asosiy maqsadi inson manfaatlarini taʼminlash, odamlarning hayotdan roziligiga erishish ekanini taʼkidladi.

– Bugun Parkentga kelishimdan maqsad – bu hududning imkoniyatlarini yanada kengaytirish, parkentliklarni oʻzgarishlarga ishontirish. Barcha harakatlarimiz har bir inson oʻz hayotidan rozi boʻlishiga qaratilgan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, yangi tashabbuslarni amalga oshirish, odamlarda “qilsa boʻlar ekan” degan ishonchni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Tashrif buyuruvchilarning hududda uzoqroq qolishini taʼminlash, ular uchun qoʻshimcha xizmat turlarini koʻpaytirish va mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112015 | Инструменты