Huawei 1
Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi

30-yanvar kuni Oliy Majlis Senatida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlik va idoralar, Toshkent shahar hokimligi rahbarlari hamda tashkiliy qo‘mitaning boshqa aʼzolari ishtirok etdi. 

Taʼkidlanganidek, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga asosan 2025-yil 5-9-aprel oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Maʼlumki, 190 ga yaqin mamlakatlar parlamentini birlashtirib kelayotgan Parlamentlararo ittifoq Assambleyasi yilda 2 marotaba o‘tkaziladi. Mazkur tadbir faqatgina parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardagina o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoqqa aʼzoligi 2017-yilda qayta tiklangani taʼkidlab o‘tildi. O‘tgan qisqa davr mobaynida mamlakat parlamentarizm va barqaror rivojlanish sohasida juda katta tajribaga erishgan. Respublika yutuqlari yirik xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda.

Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasining O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi tarixiy voqelikdir, chunki bunday tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida ilk marotaba o‘tkazilyapti.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan mazkur Assambleyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” deb nomlangani, uning doirasida butun dunyo parlamentlari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, huquq ustuvorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishi qayd etildi.

Shuningdek, bir hafta davomida Parlamentlararo ittifoqning qo‘mitalari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash, ilm-fan va texnologiya, yoshlar masalalariga bag‘ishlangan turli tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13114 | Инструменты