Huawei 1
O'zbekistonda kartoshkaning narxi 12 ming so‘mga yetgani aytildi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kartoshkaning narxi 12 ming so‘mga yetgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Qishloq xo'jaligi vazirligi rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi "Food City" dehqon bozorida 1 kg kartoshkaning o‘rtacha narxi 8,5 ming so‘mni tashkil etmoqda.  

Shuningdek, barcha hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5-6 ming so‘m narxida sotilmoqda. Toshkentning yirik bozorlarida esa kartoshkaning narxi quyidagicha: 

— Aviatsiya, Qo‘yliq, Mirobod, Yunusobod bozorlarida – 9 000 so‘m 

— Sirg‘ali, Farhod, Chilonzor, Eski Juva, Qoraqamish, Askiya, Oloy bozorlarida – 10 000 so‘m 

Vazirlikning taʼkidlashicha, kartoshkaning qimmatlashishiga takroriy ekilgan maydonlardan yetarli hosil olinmagani sabab bo‘lgan.  

Taʼkidlanishicha, 2024 yil hosili uchun 1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan, ammo noyabr-aprel davrida 1,7 mln tonna zarur. Yig‘ilgan hosil talabning faqat 44 foizini qoplaydi. 

Takroriy ekish uchun urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa resurslar qimmatlashgan. 

O‘tgan yildan boshlab suv soliqlari va QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) ham qo‘shilgani kartoshka tannarxiga taʼsir qilmoqda. 

Kartoshka narxi barqarorlashtirilishi uchun quyidagi ishlar amalga oshirildi: 

— 245,6 ming tonna kartoshka zaxiraga olindi; 

— 9,9 ming tonna mahsulot bozorlarga chiqarildi. Hozirda kartoshkalar arzonlashtirilgan yarmarkalarda 4000-4500 so‘mdan sotilmoqda. 

Shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Eron davlatlaridan 94,2 ming tonna kartoshka import qilindi, jarayonlarga to‘sqinlik qiluvchi baʼzi transport muammolari hal etilmoqda. Masalan, Sariq dovon ochilishi natijasida import hajmi ko‘paydi.  

Hozirda “Korzinka” supermarketlarida Pokistondan import qilingan kartoshka kilosiga 4990 so‘mdan, mahalliy kartoshka esa, 8490 so‘mdan sotilmoqda. 

2025 yil hosili uchun 122 ming gektar maydonga kartoshka ekilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aprel-may oylarida yangi hosil bozorga chiqariladi va buning natijasida kartoshka narxi pasayishiga erishiladi.  

Natijada fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishi, aprel-may oylarida esa pasayishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13115 | Инструменты