Huawei 1
Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda

Senatning 54-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda O'zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasi, shu jumladan pirotexnika buyumlari qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021–2023-yillarda 239 ta holatda O'zbekiston hududiga qiymati qariyb 2 mlrd so‘mlik 300 mingdan ortiq pirotexnika buyumlarini noqonuniy olib kirish holatlarining oldi olingan.

Shu bilan birga fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni yana-da kuchaytirish maqsadida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik va O‘zbekistondan olib chiqqanlik, shuningdek pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki O‘zbekistonga olib kirganlik uchun mazkur huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senati ham pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, saqlash, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarni oldini olish yuzasidan doimiy shug‘ullanib kelmoqda.

Jumladan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ushbu salbiy holatlarni oldini olish bo‘yicha masʼul tuzilmalarga senator so‘rovi ham yuborilib, tegishli javoblar olingan. Qo‘mita tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga mamlakatimiz hududlariga qo‘shni davlatlardan chegarani buzgan holda pirotexnika vositalarini olib o‘tish holatlarini oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirish lozimligi yuzasidan tavsiyalar yuborilgan.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan qonunga kiritilayotgan yangi normalar bugungi kunda olib borilgan hamkorlikdagi umumiy saʼy-harakatlarning amaliy natijasidir.

Qonunning maʼqullanishi jamoat xavfsizligini taʼminlash va pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi hollarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты