Huawei 1
Yevropa davlatlari Trampning G‘azo aholisini joylashtirish g‘oyasini tanqid qildi

AQSh Prezidenti Donald Trampning G‘azo sektoridan 2 millionga yaqin aholining qo‘shni davlatlarga ko‘chirilishi kerakligi haqidagi bayonoti Yevropa davlatlari orasida keskin tanqidga uchradi. Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ispaniya hukumatlari ushbu tashabbusga qarshi chiqdi. Shu bilan birga, Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar G‘azoni “muvaffaqiyatsiz tajriba” deb atab, Trampning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

“G‘azo aholisi fuqarolarining majburan ko‘chirilishi nafaqat nomaqbul, balki xalqaro huquqqa ham zid bo‘ladi. Bu yangi azob-uqubatlar va nafratga sabab bo‘ladi”, – dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok, AQSh prezidentining g‘oyasiga izoh berar ekan.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmiy ham bu boradagi pozitsiyasini bildirar ekan: “Biz har doim ikki davlatni ko‘rish tarafdori bo‘lganmiz. Falastinliklar G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilda o‘z vatanlarida yashab, gullab-yashnashi kerak”, – dedi.

Fransiya ham “ikki davlat yechimi” tarafdori ekanini tasdiqlagan bo‘lsa, Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel shunday dedi: “G‘azo – bu g‘azolik falastinliklarning yeri va ular G‘azada qolishi kerak.”

Isroil Trampning taklifini qo‘llab-quvvatladi

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa Yevropa davlatlarining tanqidiga javoban, G‘azo sektorining hozirgi holatini “muvaffaqiyatsiz tajriba” deb atadi.

“G‘azo Misr suvereniteti ostida ham, Falastin ma’muriyatiga topshirilganda ham, Hamas hokimiyati ostida ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ochik ko‘z bilan qaragan har bir inson hozirgi G‘azoning kelajagi yo‘qligini tushunadi”, – dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Tramp ma’muriyati bilan hamkorlikda Isroil va butun Yaqin Sharq uchun yaxshiroq kelajak qurishga urinish imkoniyati mavjud.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20523 | Инструменты