Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
El-yurtimiz, xususan, Navoiy ahlining ulug‘ ajdodimiz Alisher Navoiy xotirasiga hurmat-ehtiromi cheksiz.
Buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati maʼnaviy tarbiya, maʼrifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, taʼbir joiz bo‘lsa, yurtimizning maʼnaviy brendiga aylanishi zarurligi taʼkidlandi.
Masalan, 2017-yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb eʼlon qilinib, shu asosda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shunday ijobiy tajribani Navoiy viloyatida ham qo‘llab, yangi – 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi.
Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida Prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi.
Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey tashkil etiladi.
Yig‘ilishda asosiy masala – Navoiy viloyati iqtisodiyotini o‘stirish, investitsiya, eksport va pirovardida, odamlar daromadini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Viloyat respublikaning qoq markazida joylashgan, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud.
So‘nggi uch yilda navoiylik yoshlar oliygohga kirish bo‘yicha 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Bog‘cha qamrovi 85 foizga yetib, respublikada 2-o‘ringa chiqdi.
Xalqimiz qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida. Viloyatda har yili 100 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsuloti yaratilmoqda. Hozirda viloyatda 15 milliard kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida.
Mamlakatimizning eng muhim transport arteriyalarining 16 foizi Navoiy hududidan o‘tgan. O‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonda 240 kilometrli “Qo‘ng‘irot-Beynov” yangi yo‘li foydalanishga topshirildi. Bu ham Navoiyning logistika markazi sifatidagi ahamiyatini yana-da oshiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122622 | Инструменты