Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari avvalo 27-oktyabrda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi borasidagi fikrlarini aytdi.
Qayd etilganidek, ushbu saylov Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan tub islohotlar samarasini o‘zida yaqqol aks ettirdi, demokratik taraqqiyotimizni yorqin ifodasi sifatida hayotimizda o‘chmas iz qoldirdi.
Prezident ko‘p millatli xalqimizga saylovlarda yuksak siyosiy madaniyat va faollik ko‘rsatib, fuqarolik burchini masʼuliyat bilan ado etgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalq vakili degan yuksak maqomga ega bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni chin qalbdan tabrikladi.
Saylovlar natijasida yurtimizda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan yangi vakillik organlari tizimi ham shakllangani taʼkidlandi.
“Shu tariqa mamlakatimiz demokratik taraqqiyotning yangi davriga, sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Biz barcha bo‘g‘indagi deputatlarimiz timsolida zimmasidagi masʼuliyatni chuqur anglaydigan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimizning erkin va farovon hayotini taʼminlash yo‘lida o‘zini ayamasdan tinimsiz harakat qiladigan, bor bilim va tajribasini Vatan ravnaqi uchun safarbar etadigan fidoyi insonlarni tasavvur qilamiz.
Partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida fuqarolarimizni orzu-intilishlari, dardu tashvishlari, mavjud muammolarni hal etish yo‘llari o‘z ifodasini topganini alohida taʼkidlash lozim.
Xalqimiz sizlarning yangi g‘oya va tashabbusingizga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar aʼzolaridan ko‘p narsani kutmoqda”, - dedi Prezident.
Davlat rahbari ana shunday sharafli va ezgu vazifalarni ado etishda xalq vakillariga kuch-g‘ayrat, yutuq va omad yor bo‘lishini tiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110123 | Инструменты