Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHdagi saylov natijalaridan va turli bosimlardan qat’i nazar, Rossiyaga hududiy yon bosish bo‘lmasligini aytdi. U bu haqda KBS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Siyosatchidan Ukrainaning urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar uchun o‘zgartirilishi va muhokama qilinishi mumkin bo‘lmagan shartlari mavjudmi, deb so‘rashdi.
Ukraina, har qanday holatda ham, konstitutsiyaviy jihatdan o‘zining qonuniy davlat hududlaridan voz kechish huquqiga ega emas. Shu sababli, bu yuridik jihatdan mutlaqo imkonsiz. Putin bosib olingan hududlarimizni egallab, ularni o‘z konstitutsiyasiga kiritish orqali o‘zlashtirgani hech narsani o‘zgartirmaydi. Ukraina bu hududlarni Rossiyaniki deb tan olmaydi, dedi Zelenskiy.
Shuningdek, u AQSHdagi saylovlarda kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, Ukraina o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligini aytdi:
Kim nimani istamasin, Qo‘shma Shtatlarda kim g‘alaba qozonmasin va Putin qancha vaqt Rossiya rahbari bo‘lmasin, bunday bo‘lmaydi, dedi u.
Zelenskiy AQSHning yangi prezidenti Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi yoki zaiflashtirishi mumkinligini ta’kidladi.
Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning zaiflashuvi Rossiyaga bizni ko‘proq bosib olish imkonini beradi. Bu urushda g‘alaba qozonish imkonini bermaydi. Bu haqiqat. Shuning uchun hudud murosalari haqida emas, balki diplomatik yo‘llar haqida gapiramiz, ammo ular AQSH siyosatiga, agar u zaiflashmasa va Qo‘shma Shtatlarning urushni tezda tugatish istagiga bog‘liq, dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, u respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Donald Trampning “Men amaliyotchi odamman va urushni tezda tugatish, qandaydir model topish uchun harakat qilaman” degan so‘zlariga e’tibor qaratdi.
Ammo agar Tramp g‘alaba qozongudek bo‘lsa va shunchaki Ukrainani hamma narsani topshirishga majburlab, shu yo‘l bilan Rossiya bilan kelishmoqchi bo‘lsa, bugungi kunda buning imkoni yo‘q deb o‘ylayman, dedi siyosatchi.
AQSHda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Vitse-prezident Kamala Harris Donald Trampga raqiblik qilmoqda. Amaldagi prezident Jo Bayden dastlab saylovda o‘z nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgandi, biroq u iyun oyida bo‘lib o‘tgan muvaffaqiyatsiz debatdan so‘ng saylovdan voz kechdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110121 | Инструменты