Huawei 1
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish, ta’lim, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-sentabr kuni qurilish, ta’lim, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumki, joriy yil 3-aprel kuni Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishi boshlangan edi. Davlatimiz rahbari bu ulkan loyiha ilm-fan va ma’naviyat maskanlaridan boshlanayotganiga urg‘u berib, “bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, degan edi.

Shulardan biri – Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmuadir. U jahonga mashhur “Zaha Hadid architects” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Bo‘lajak majmua o‘ziga xos dizayni  va funksionalligi bilan diqqatga sazovor. Unda estetika va qulaylik mohirona birlashtirilib, atrof-muhit bilan uyg‘unlik hosil qiladi. Shu jihatlari bilan majmua kelgusida xalqaro turizm maskanlaridan biriga aylanadi.

Yangi Toshkent uchun yana bir salohiyatli go‘sha – Chirchiq daryosi. Aholi va mehmonlarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida uning 6 kilometrga yaqin qismida dam olish hududi barpo etish mo‘ljallangan. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.

Keyingi yillarda O‘zbekistoning YUNESKO bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib bormoqda. Ushbu nufuzli tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 2025-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 15 martdagi qaroriga muvofiq, bunga tayyorgarlik boshlab yuborilgan.

Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar hamda rejalar to‘g‘risida axborot berildi. Xususan, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, YUNЕSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiya va boshqa tashkilotlar hamkorligida Samarqand shahridagi madaniy meros obyektlarini asrash, ular bo‘ylab sayohatlar va ko‘rgazmalar tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Mehmonxonalar va tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda barcha sharoit yaratiladi. Sessiya ishtirokchilarining kelib ketishi, madaniy tadbirlar, transport va tibbiy xizmatlar muvofiqlashtirib boriladi.

Ijtimoiy sohadagi eng katta yo‘nalishlardan biri bu ta’lim. Aholisining ko‘pchiligi yosh bo‘lgan mamlakatimizda uning barcha bosqichlari izchil rivojlantirilmoqda. Xususan, oliy ta’limda ham yangi maskanlar qurilib, sharoitlar yaxshilanmoqda.

Buxoro davlat universitetida 21 mingdan ziyod yoshlar o‘qiydi, 10 ta fakultet, 8 ta yotoqxona bor. Lekin binolar shaharning turli hududlarida tarqoq joylashgan bo‘lib, o‘qituvchi va talabalarga noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Shu bois Buxoro shahrining chekkasida universitet uchun yangi kampus qurish rejalashtirilmoqda. 43 gektarda loyihalashtirilayotgan majmuada barcha fakultetlar, ma’muriyat, yotoqxonalar, laboratoriyalar, kutubxona, stadion, sport zali va amfiteatr yaxlit joylashadi. Dars va amaliyot uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Yotoqxona o‘rni 3 mingtadan 6 mingtaga oshadi. Bo‘sh maydonlarga daraxtlar ekilib, bog‘ barpo etiladi.

Xiva shahri yurtimizning turizm manzillaridan biri. so‘nggi yillardagi bunyodkorlik ishlari natijasida uning salohiyati yanada oshdi. Bu yerga keluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida poyezd vokzali yonida yo‘l o‘tkazgich barpo etish mo‘ljallanmoqda. Loyihaga ko‘ra, 450 metrlik bu yo‘l transportlar qatnovini alohida tashkil etish imkonini beradi, vokzal va Ichan qal’a o‘rtasida piyodalar xavfsiz harakatlanadi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni takomillashtirish, amalga ishlarning sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimotda Toshkent shahrida investitsiya dasturlarining bajarilishi haqida ham axborot berildi. Qayd etilgandek, joriy yilning o‘tgan davrida 2 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalar o‘zlashtirilgan. 200 ga yaqin sanoat loyihalari foydalanishga topshirilib, 25 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Jumladan, Yangihayot tumanidagi texnoparkda 46 ta korxona tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz yil yakunigacha mo‘ljallangan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, energiya tejamkorlikka alohida ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты