Yig‘ilishda ijtimoiy soha masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Prezident tibbiyotda Andijon brendini yaratish bo‘yicha barcha imkoniyatlar borligini ta’kidladi.
Bu borada o‘tgan yili 650 o‘rinli klinika Andijon davlat tibbiyot instituti balansiga o‘tkazilib, uni ta’mirlash va jihozlashga 180 milliard so‘m berildi. Bu 11 ming talabaga bir vaqtni o‘zida ham o‘qish, ham amaliyot o‘tash imkonini beradi.
Institutdagi simulyatsion markazda tibbiyot xodimlari malakasini 2 bosqichda baholash tizimini yo‘lga qo‘yish, klinika yoniga travmatologiya, pediatriya va jarrohlik, ginekologiya bo‘limini qurib, klasterga aylantirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Bunga yana 100 milliard so‘m ajratilishi ma’qullandi.
Simulyatsion markazda sinovdan o‘tgan tibbiy xodimlarga qo‘shimcha 100 foiz ustama berilishi belgilandi.
Hozir 2 ming nafar namanganlik yoshlar Andijonga qatnab o‘qiyotganini hisobga olib, Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylanadi. Bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqiladi, Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi.
Umuman, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy va Hindistondan kelib o‘qimoqchi bo‘lganlar hisobiga, viloyatda tibbiy ta’lim eksportini yiliga 20 million dollardan oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun "talaba vizasi" joriy qilish bo‘yicha bir oyda taklif kiritish topshirildi.
Andijondagi 400 dan ziyod mahallada aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlari tashkil qilindi. Bu yerda qon bosimini o‘lchash, ukol qilish, fizioterapiya kabi birlamchi oddiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Prezidentimiz bu tajribani ma’qullab, mutasaddilarga bu yil ushbu tizimni qolgan viloyatlardagi kamida 100 tadan mahallada yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdi.
Andijonda zamonaviy xususiy klinikalar tashkil etish uchun olti oy davomida sotilmagan davlat obyektlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 5-yil muddatga ijaraga beriladi, keyinchalik bu obyektlar ularning o‘ziga xususiylashtirib beriladi.
So‘nggi yillarda texnikumlar bo‘yicha ham katta islohotlar bo‘ldi. Lekin Andijondagi 56 ta texnikumning barchasida ham ishlar yangicha tashkil etilmayapti.
Masalan, Andijon 4-son texnikumi va Paxtaobod 2-son texnikumida talabalarning bir vaqtning o‘zida o‘qishi va ishlab, daromad topishi bo‘yicha ijobiy tajriba yaratilgan.
Maktablardagidek o‘z ustida ishlab, salohiyati va ko‘nikmasini oshirgan direktorlarni rag‘batlantiradigan tizim endilikda texnikumlarda ham joriy qilinishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41904 | Инструменты