Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Ipoteka krediti bozori yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun bilan “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi va “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali garov shartnomasi va garov xati bo‘yicha huquqlarni rasmiylashtirish, ularni ro‘yxatga olish va uchinchi shaxslarga berish jarayonlarini takomillashtirilmoqda.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan garov xatini rasmiylashtirish paytida tomonlarning ishtirok etishi, shuningdek ariza beruvchilarning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga (kadastr) to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi talab qilinadi. Bu esa beriladigan garov xatlari soni ko‘paygan hollarda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Shu bois garov xatini onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markazlariga borish orqali rasmiylashtirish belgilanib, elektron garov xatining konsepsiyasi joriy etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, xarajatlarni kamaytirish va vaqtni tejash imkonini beradi.
Bundan tashqari, qonunda ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari tomonidan o‘z kapitali miqdoridan ortiq qiymatda obligatsiyalar chiqarish orqali kapital bozoridan yana-da ko‘proq mablag‘larni jalb etish mexanizmini joriy qilish ham nazarda tutilmoqda.
Senatorlar tomonidan qonun ipoteka bo‘yicha garov xatlari aylanishini yana-da rivojlantirishga, aholiga berilgan ipoteka kreditlarini takror moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga, ipoteka kreditini berishning zamonaviy bozor tizimini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121920 | Инструменты