Eng yirik xomashyo ishlab chiqaruvchi Kot-d'Ivuardagi yomon hosildan xavotirlar tufayli kakao loviyalarining narxi tarixiy rekordga yetdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
18-dekabr kuni Nyu-York tovar birjasining savdolarida kakao loviyasi uchun fyucherslar 3,9%ga oshdi va tarixda birinchi marta tonnasi uchun $12,2 mingga yetdi. Keyinchalik o‘sish sekinlashdi va narx biroz pasaydi.
O‘sishning asosiy sababi Kot-d'Ivuarda hosilning pasayishi kutilayotgani aytiladi. Dunyoda xomashyo ishlab chiqarishning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i Afrika mamlakatiga to‘g‘ri keladi.
Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, 2024−2025 yillar mavsumida ishlab chiqarish hajmi 1,9 mln tonnani tashkil etadi — bu 2,1 mlndan 2,2 mln tonnagacha bo‘lgan rasmiy hisob-kitoblarga nisbatan 10%ga kamdir.
Fermerlar qurg‘oqchilik va yuqori haroratning salbiy ta’siri haqida xabar berishmoqda, bu esa kelgusi yilning aprel oyida boshlanadigan mavsumda hosilni pasaytirishi mumkin.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, portlarga kakao yetkazib berish 2023−2024-yillardagi o‘n yillikning eng yomon mavsumiga nisbatan 34%ga oshgan bo‘lsa-da, ular hali ham 2022-yilgi oddiy mavsum darajasidan 15%ga past.
Mutaxassislarning fikricha, kelgusi yilda kakao narxi yuqoriligicha qoladi. G‘arbiy Afrikada ob-havo beqarorligicha qolmoqda, bu yana hosilga ta’sir qilishi mumkin.
2025-yilda ishlab chiqarishning o‘sishi haqidagi umidlar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, bozordagi vaziyat hamon tarang holatda qolmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121920 | Инструменты