2024-yilning 2–13-dekabr kunlari Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasida tarixda ilk bor O‘zbekiston ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus COP16 yakuniy qaroriga kiritildi. Samarqand shahridagi CRIC21 ko‘rgazmasida taqdim etilgan Qum va chang bo‘ronlari to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi COP16 yakuniy hujjatiga kiritilib, rasmiy e’tirofga sazovor bo‘ldi va BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasining barcha ishtirokchilariga qo‘shilish uchun taklif etildi.
Oʻzbekiston tashabbusini COP16 yakuniy qaroriga kiritish boʻyicha muzokaralar jarayoni konferensiya doirasida uzoq vaqt davom etdi, biroq shunga qaramay, tashabbus Konvensiyaga a'zo bo'lgan 197 davlatning muhim qismi tomonidan qo'llab-quvvatlandi, bu esa tomonlarga bir qarorga kelish imkonini berdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasini 1995-yil 31-oktabrda ratifikatsiya qilgan bo‘lsa-da, 29 yil davomida tomonlar konferensiyalarida qatnashib, birinchi marta COP yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarga o‘z taklifini kiritdi.
Bu yutuq Oʻzbekistonning choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi va iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiriga qarshi kurashga sodiqligini taʼkidlaydi, shuningdek, respublikaning qum va chang boʻronlariga qarshi kurashish boʻyicha global miqyosda koʻrilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi haqidagi aniq pozitsiyasini ko‘rsatadi.
Qum va chang bo‘ronlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ma’lumotlar almashinuvi, bu borada xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlangan. Hujjat mamlakatlarni qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashish strategiyalarini milliy rejalarga kiritish, erta ogohlantirish tizimlarini ishlab chiqish, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun moliyaviy va texnik resurslarni safarbar etishga chaqiradi.
Hujjatda yerdan barqaror foydalanish, himoya o‘rmonlarini barpo etish va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish orqali ekotizimlarni muhofaza qilish, shuningdek, aholining xabardorligini oshirish va manfaatdor tomonlarning salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Samarqand deklaratsiyasi jahon hamjamiyatining qum va chang bo‘ronlari muammosini hal qilishda sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi muhim xalqaro hujjat bo‘lib, uning COP16 yakunlariga kiritilishi O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini mustahkamlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121919 | Инструменты