Huawei 1
Rahimjon Hakimov prezident maslahatchisi o'rinbosari lavozimiga tayinlandi

Oʻzbek huquqshunos olimi, siyosatchi Hakimov Rahimjon Rasuljonovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Tayinlovga qadar u Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining fan va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Rahim Hakimov 1983-yil 2-yanvarda Namangan viloyati Chust shahrida tugʻilgan. U 1997-yilda Lomonosov nomidagi 3-maktabni, 1999-yil — Chust tumanidagi iqtidorli bolalar litsey-internatini tugatgan. 2003-yilda Namangan davlat universiteti yuridik fakultetini (bakalavr darajasi), 2005-yilda Toshkent davlat yuridik institutini (magistratura darajasi) imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 

Hakimov 2005-2015-yillarda Prezident huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutida turli lavozimlarda ishlagan, mutaxassislikdan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi qonun hujjatlari monitoringi boʻlimi boshligʻigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan. 2008-2010-yillarda u Davlat soliq qoʻmitasi Soliq akademiyasida yuridik fanlar kafedrasi dotsenti, 2012-2015-yillarda — Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining "Davlat qurilishi va boshqaruvi asoslari" kafedrasi dotsenti lavozimlarida oʻrindoshlik asosida ishlagan. 

2014-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Liberal-Demokratik partiyasidan parlament deputatligiga nomzod sifatida koʻrsatilib, saylovlar natijasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan. Qonunchilik palatasi Xavfsizlik va mudofaa qoʻmitasining aʼzosi, soʻngra esa mazkur qoʻmita raisi sifatida faoliyat yuritgan.

2017-yil dekabridan boshlab, deputatlik faoliyati bilan bir vaqtning oʻzida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutini direktori sifatida faoliyat yuritgan.

2019-yil sentyabr oyida Adliya vaziri oʻrinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori  lavozimiga tayinlangan, shu sababli Qonunchilik palatasi deputati vakolatlarini muddatidan oldin tugatgan. Prezidentning 2021-yil 21-iyundagi qarori bilan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining fan va innovatsiyalar bo'yicha o'rinbosari etib tayinlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111421 | Инструменты