Senat 2026-yilgi davlat byudjetini maʼqulladi

Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun maʼqullandi.

Senat matbuot xizmatining qayd etishicha, qonun keng jamoatchilik va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida, mahalliy Kengashlar sessiyalari, Senat qo‘mitalari majlislari doirasida batafsil o‘rganildi. Jarayonda byudjet mablag‘larining taqsimlanishi, ustuvor yo‘nalishlarning asoslanganligi va samaradorligi yuzasidan chuqur tahlillar amalga oshirildi.

Senatorlar 2026 yil davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovni kengaytirish hamda sifatli taʼlimni taʼminlash kabi ijtimoiy soha yo‘nalishlariga ustuvor ahamiyat berilganini alohida taʼkidladi.

Xususan, davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi – 220 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, taʼlim sohasiga 100 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga esa 49 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda.

Qonunga muvofiq, 2026 yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trln so‘m, daromadlari esa 368,9 trln so‘m miqdorida belgilangan. Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 78,6 trln so‘mni, xarajatlari esa 74,4 trln so‘mni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlari 567,6 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan bo‘lib, uning taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilgan.

Muhokamalar chog‘ida senatorlar byudjet daromadlarini oshirish, mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, belgilangan makroiqtisodiy vazifalarni izchil amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, ijtimoiy muammolarni hal etish, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish hamda davlat dasturlarida belgilangan muhim tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligi qayd etildi.

Muhokamalar yakunida senatorlar “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni maʼqulladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121816 | Инструменты