Huawei 1
Senat Raisi Tanzila Narbayeva Seulda Koreya Bosh vaziri bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

Ayni paytda Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi. Tashrifning navbatdagi kuni Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Dok Su bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hamkorligining keng doirasi, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ijtimoiy sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.  

Ayni paytda Janubiy Koreya bilan birgalikda “yashil” energetika, raqamli texnologiyalar, mashinasozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlari, infratuzilmaviy rivojlanish, shaharsozlik va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Koreyadan O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi 7  mlrd dollardan oshib,  mamlakatimizda qariyb mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan samarali hamkorlik natijasida ular bilan amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etgani alohida qayd etib o‘tildi.

Suhbat chog‘ida Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan birgalikda tibbiyot va farmatsevtika klasterini tashkil etish, elektronika mahsulotlari va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya klasterini yaratish va boshqa loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Koreya Respublikasi Bosh vaziri kun tartibining barcha dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha yangi konstruktiv takliflarni faol ishlab chiqish tarafdori ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qamrovi jihatidan kengayib borayotgan ikki tomonlama muloqotni amaliy mazmun bilan yana-da boyitishga kelishib olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21223 | Инструменты