Senatning ikkinchi yalpi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishga, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirishga, shuningdek soliq to‘lovchilar uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mavjud preferensiyalarning amal qilish muddatini uzaytirish, shuningdek vaqtinchalik soliq imtiyozlari qo‘llaniladigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha manbalardan daromad oluvchi byudjet tashkilotlari uchun belgilangan soliq stavkalarining amal qilishini 2027 yilning 1 yanvarigacha uzaytirish, shuningdek jami daromadning chegaraviy miqdorini 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘m etib belgilanishi, ushbu daromad mavjud bo‘lganda soliq to‘lovchilar har oylik bo‘nak to‘lovlarini to‘liq chorak o‘tganidan keyin to‘lashini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan beriladigan byudjet subsidiyalari jami daromad tarkibiga kiritilmasligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, o‘z mablag‘lari hisobidan nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining binolarini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarga nisbatan foyda solig‘i bo‘yicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan vagonlar (konteynerlar) operatorlarining temir yo‘l transportida tashish jarayonida vagonlarni (konteynerlarni) ijara shartlari asosida foydalanishga berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan vaqtinchalik ozod qilinmoqda.
Majlisda mazkur qonun senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi hamda taʼlim tizimini takomillashtirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirishda muhim ahamiyat ega ekanligi alohida taʼkidlandi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31214 | Инструменты