Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev: Bugun mutlaqo yangi vakolat va vazifalarga ega bo‘lgan Hukumat shakllanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi boshlandi.

Kun tartibidan yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq, ilk bor quyi palatada Bosh vazir lavozimiga nomzod va Hukumatning kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan harakatlar dasturini ko‘rib chiqish masalalari o‘rin olgan.

So‘zining avvalida davlat rahbari mamlakatimiz o‘z oldiga qo‘ygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda barcha bo‘g‘indagi ijro organlari, avvalo, Hukumat va uning rahbari zimmasidagi masʼuliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib borayotganini taʼkidladi.

Bugun mutlaqo yangi vakolat va vazifalarga ega bo‘lgan Hukumat shakllanayotgani qayd etildi.

Buni Konstitutsiya darajasida birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, investitsiya, ekologiya kabi muhim yo‘nalishlarda Vazirlar Mahkamasining majburiyatlari belgilab qo‘yilgani ham tasdiqlaydi.

Xalqimiz bugun ana shunday hal qiluvchi masalalar bo‘yicha yangi Hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda.

Asosiy masalaga o‘tishdan oldin Prezident o‘tgan 5 yilda har tomonlama puxta o‘ylab qabul qilingan dasturlar ijrosi qanday taʼminlangani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda (2018 yilda – 1 ming 600 dollar bo‘lgan).

Xususan, Jahon banki 2024 yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olganini eʼtirof etdi.

Kambag‘allik darajasi so‘nggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizga tushishi kutilmoqda.

Eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 40 milliard dollardan oshdi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra ko‘payib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalar ulushi 30 foiz darajasida taʼminlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112016 | Инструменты