Huawei 1
Tojik-afg‘on chegarasi yaqinida Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi

19 noyabr kuni Tojikiston va Afg‘oniston chegarasi yaqinida sodir etilgan hujumda bir nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi, to‘rt nafari yaralandi. Bu haqda “The Express Tribune” xabar berdi.

Voqeada chegaraning Tojikiston tomonida joylashgan xususiy Xitoy korxonasiga qarashli lager nishonga olingan. Qurbonlar ko‘p bo‘lishi ham mumkin. Manbalarga ko‘ra, Xitoyning oltin qazib oluvchi shirkati Afg‘oniston bilan chegaradagi Zarbuz darasida qidiruv ishlarini olib bormoqda. Dara Dashti-Jum qo‘riqxonasi tarkibiga kiradi va chegara posti joylashgan Sarigo‘r hududi yaqinida joylashgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, hujum Pekin vaqti bilan 18 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Barcha jabrlanganlar Shamsiddin Shoxin tumanidagi shifoxonaga yetkazilgan. Tojikiston rasmiylari voqea yuzasidan hozircha izoh bermagan.

Hozircha hech kim hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Hujum giyohvand moddalar kontrabandachilarining ishimi yoki qurolli guruhlardan birining jangarilari tomonidan uyushtirilganmi, hali aniq emas.

Hujumchilarning maqsadi va shaxsi noma’lumligicha qolsa-da, rasmiy Pekin zo‘ravonlikni keskin qoralagan hamda Tojikiston tomonini hodisani imkon qadar tezroq tekshirishga chaqirgan.

“Xitoy zo‘ravonlik hujumini keskin qoralaydi, qurbonlar uchun chuqur motam izhor qiladi, jarohatlanganlar va qurbonlarning oila a’zolariga samimiy hamdardlik bildiradi”, deyiladi Xitoy TIV bayonotida.

Hujum ortidan Xitoyning Dushanbedagi elchixonasi jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish va keyingi ishlarni hal qilish uchun voqea joyiga ishchi guruh jo‘natgan. Xitoyning Tojikistondagi elchisi mahalliy hukumatni voqeani chuqur o‘rganib, uning sababini tezda aniqlashga chaqirgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolari va Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi yaqinida faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun xavfsizlik bo‘yicha maslahat bergan.

“Hududdagi xavfsizlik holatini hisobga olib, Xitoy fuqarolari va korxonalariga xavfsizlikka alohida e’tibor qaratishlarini eslatamiz”, deyiladi bayonotda.

AFP nashrining yozishicha, bu voqea beqaror afg‘on hududlariga yaqinligi bilan ajralib turadigan Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik bo‘yicha xavotirlar davom etayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, u mahalliy boshqaruvda barqarorlikni saqlab qolish uchun kurashayotgan hududlarda xorijiy investorlar va ishchilar duch keladigan xavf-xatarlarga e’tibor qaratadi. Xitoyning tez va puxta tergov o‘tkazishga chaqirishi uning xorijdagi fuqarolari va investitsiyalarini himoya qilishdan kengroq manfaatdorligini aks ettiradi.

Tojikiston Afg‘oniston bilan 1344 kilometrlik murakkab chegaraga ega. Uning katta qismi Panj daryosi tubi bo‘ylab borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan o‘tadi. Tojikiston-Afg‘oniston chegarasining Shamsiddin Shoxin viloyatidagi uzunligi 100 kilometrdan ortiq bo‘lgan qismi eng muammoli joylardan biri hisoblanadi. O‘tgan yillarda ushbu hududda Tojikiston fuqarolari va chegarachilarni garovga olish va hujumlar takrorlangan. Ammo Xitoy fuqarolariga hujum birinchi marta sodir bo‘lmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112018 | Инструменты