Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo'lib o'tmoqda.
Prezident jahon miqyosida hukm surayotgan bugungi o‘ta keskin va og‘ir sharoitda yurtimizda tinchlik va hamjihatlikni saqlab, iqtisodiyotimizda barqaror o‘sishni taʼminlab, mana shunday marralarga erishish oson bo‘lmaganini taʼkidladi.
Kelgusi 5 yilda aholimiz soni 40 milliondan ortishi kutilmoqda. Bunday demografik o‘sish, albatta, katta imkoniyat, lekin, shu bilan birga bu holat oldimizga yangi-yangi, o‘tkir vazifalarni qo‘yishi ham shubhasiz.
Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, ekologiya, energetika, transport, yo‘l, ichimlik suvi taʼminoti, aholini uy-joy bilan taʼminlash kabi muhim sohalarda xalqimizning talab va ehtiyojlari tobora o‘sib borayotgani taʼkidlandi.
Shunday dolzarb muammolarga samarali yechimlar topib, yangicha faoliyat olib borish Hukumat uchun jiddiy sinov bo‘lishi tabiiy.
Bugun Bosh vazir lavozimiga tavsiya etiladigan nomzod ana shu masalalarning barchasini hisobga olib, ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan o‘z dasturini taqdim etishi kerakligi qayd etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yillar uchun katta marralar belgilab olingan.
Xususan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.
Dastlab bunga ayrimlar shubha yoki ikkilanish bilan qaragan, lekin o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu yilning o‘zida yalpi ichki mahsulot hajmi 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Yangi Hukumat, barcha rahbarlar birgalikda qattiq ishlab, islohotlar shiddatini pasaytirmasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotimizdagi o‘zgarishlarni jadal davom ettirsa, 2030 yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 milliard dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirildi.
Bu natijani taʼminlash orqali aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga erishiladi.
“Yana bir bor aytaman, bunday natijalarga erishish uchun kuch va imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!”, - dedi Prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112014 | Инструменты