Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi.

Qo‘shma uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyandagon Raisi Fayzali Idizoda va Turkmaniston Majlisi Raisi Dunyogo‘zal Gulmanova ishtirok etdi.

Yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘z mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar, mintaqamizda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

Qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

4-aprel kuni Samarqand shahrida o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti va Iqlim forumining samarali natijalari yuksak baholandi.

Oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda mintaqada o‘tkazilgan uchrashuvlar, jumladan, chegaralarni delimitatsiya qilish masalalari to‘liq tartibga solingani hamda Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ko‘p karra oshdi, chegaraoldi savdo zonalari tashkil etilmoqda.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan mamlakatlarimiz hududlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Madaniyat va ta’limda tadbirlarga boy dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, qo‘shma kooperatsiya tashabbuslari va loyihalarini ilgari surish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida parlamentlararo muloqotni, shu jumladan qo‘mitalar darajasida mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40720 | Инструменты