Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi sanoat zonasida “Universal filter” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda transportlar uchun havo va moy filtrlari, metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun buyumlar - jami 600 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
O‘z faoliyatini 2007-yilda qurilish materiallari tarmog‘idan boshlagan tadbirkor 2020-2023-yillarda 20 million dollarlik loyihalarni amalga oshirgan. Bugungi kunda uch gektar maydonda 6 ta yo‘nalish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonalarga Rossiya, Xitoy, Slovakiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.
Tadbirkorning aylanma mablag‘i bundan yetti-sakkiz yil oldin atigi 1 milliard so‘m edi. Endilikda joriy yil yakuniga qadar 200 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. 250 kishining doimiy bandligi ta’minlangani esa ijtimoiy muhim jihat.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda atmosfera havosiga ta’siri bo‘lgan 3 mingdan ziyod sanoat korxonasi mavjud. Ulardagi chang-gaz tozalash uskunalarining ko‘pi eskirgan. Ilgari bu yo‘nalish faqat chet elga bog‘lanib qolgani uchun filtrlarni yangilash yillab cho‘zilgan. Endi bu sohada ham importga raqobatdosh o‘z mahsulotlarimiz va xizmat ko‘rsatish paydo bo‘lmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida yuzdan ortiq korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari yangilandi.
Bunday ishlarda mazkur korxonaning ham o‘rni bor. Ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Mahsulotlar mahalliylashtirilishi natijasida sifatni yo‘qotmagan holda tannarxni tushirishga erishilmoqda.
Korxona mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjonga ham jo‘natilmoqda. Joriy yil yakuni bo‘yicha eksport hajmi 1 million dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusida bu geografiyani va miqdorni oshirish maqsad qilingan.
Shu yerda Navoiy viloyatining sanoat mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. Jumladan, og‘ir va yengil sanoat uchun detallar, uskunalar, kompressorlar, elektrotexnika jihozlari, mis va plastik quvurlar, nasos qismlari namoyish etildi. Ularni birlashtiruvchi jihat - mahalliylashtirilgani.
Prezident mamlakatimizda gidroenergetikani yanada rivojlantirish maqsad qilinganini ta’kidlab, kichik va mikroGESlar qurish va ularning komponentlarini ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi yirik korxonalar uchun mahalliylashtirish loyihalarini ko‘paytirish orqali viloyatda ishsizlikni kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112807 | Инструменты