Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Shusha shahriga keldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarini bu yerda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev kutib oldi.
TDT ishtirokchi mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari Ozarbayjon yetakchisi hamrohligida Shusha shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Shusha “Qorabog‘ durdonasi”, “Kavkaz sanʼati markazi” va “Ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan maʼlum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va sanʼat arboblari vatanidir. 2021-yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023-yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilingan.
So‘ng yetakchilar 2021-yilda tamal toshi qo‘yilgan yangi zamonaviy masjid loyihasi va uni barpo etish jarayoni bilan tanishdi.
Ozarbayjon rahbari mehmonlarga shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida so‘zlab berdi.
Prezidentlar, shuningdek, XIX asrda Shushada qurilgan birinchi masjid – “Gavhar og‘a” masjidini ziyorat qildi. Mehmonlar bu yerda amalga oshirilgan restavratsiya ishlarining natijalariga yuqori baho berdi.
O‘zbekiston prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi davom etmoqda. TDT norasmiy sammitining asosiy tadbirlari ertaga, 6-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122318 | Инструменты