Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev: Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi

Shavkat Mirziyoyev “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharririning savollariga javob berdi.

Savol. Yurtimizda aholi uchun eng dolzarb va o'tkir hayotiy masala bo'lgan zamonaviy turarjoylar, jumladan, arzon uy-joylar qurishga alohida e'tibor berilmoqda. Bu yo'nalishdagi ishlarning ko'lami istiqbolda qanday bo'ladi?

Javob. Mamlakatimizda keyingi yillarda zamonaviy uy-joylar qurish bo'yicha yangi davr boshlandi, deb bemalol aytish mumkin. Buning tasdig'ini so'nggi to'rt yilda avvalgi yillarga nisbatan 4-5 barobar ko'p uy-joylar barpo etilgani, bu yilning o'zida 54 ming oilani yangi uy-joylar bilan ta'minlash bo'yicha keng ko'lamdagi qurilish ishlari olib borilayotgani misolida yaqqol ko'rish mumkin.

Biz o'z oldimizga qo'ygan ezgu maqsad – xalqimizni rozi qilish yo'lidagi ulkan vazifalar, islohotlarimiz, qolaversa, bugungi hayotning o'zi zamonaviy uy-joylar qurish sur'ati va sifatini yanada oshirishni talab etmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, biz ilgari uy-joy qurilishiga zamon talablaridan kelib chiqib, bunday keng yondashmaganmiz va hozirgidek keng ko'lamdagi qurilish ishlarini amalga oshirmaganmiz.

Biz bu yo'lda dastlabki qadamlarni qo'yib, katta tajriba orttirmoqdamiz. Barcha hududlarimizda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo'lgan uy-joylar barpo etilmoqda. Ipoteka bozori rivojlanmoqda. Hayotimizga “arzon uy-joylar”, “aqlli uy”, “aqlli shahar”, “raqamli xizmatlar” degan yangi tushuncha va ko'nikmalar kirib kelmoqda.

Kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega bo'lishi lozim.

Albatta, bu borada turli muammolar ham mavjud va biz ularni joylardagi mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda hal etyapmiz.

Misol uchun, ko'pqavatli uylar oralig'idagi bo'sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e'lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko'pchilikni ranjitmoqda. Ba'zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug'ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o'zi qolmayapti.

Albatta, biz bunday holatlarga nisbatan qat'iy choralar ko'rmasdan turolmaymiz. Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi.

Savol. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularning ta'lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro'yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yurtimizda 2021 yilning “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e'lon qilingani buning yana bir amaliy ifodasi bo'ldi. Yangi O'zbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning o'rni va asosiy vazifalari nimalardan iborat, deb bilasiz?

Javob. Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng ko'lamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo'lib maydonga chiqmoqda. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilg'or kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan o'g'il-qizlarimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda yetakchi o'rin tutadi.

Ma'lumki, yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi g'oyalarni dadil o'rtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil bo'ladi. Shuning uchun hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, san'at va sport sohasidagi iste'dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Imom Buxoriy bobomiz to'plagan muborak hadislardan birida: “Yoshlikda o'rganilgan ilm toshga o'yilgan naqsh kabidir”, deb aytiladi.

Buyuk allomalarimiz ana shunday hikmatlarga amal qilib, ilm-fan sohasida buyuk kashfiyotlarni amalga oshirganlari va umumbashariy tafakkur rivojiga beqiyos hissa qo'shganlari tarixdan yaxshi ma'lum.

Ana shunday qutlug' an'analarni davom ettirib, yurtimizda yangi xorazmiylar, farg'oniylar, beruniylar, ibn sinolar, mirzo ulug'beklar, navoiylarni tarbiyalab yetkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir.

Biz bu yo'lda katta ishlarni boshladik. Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo'lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy ta'lim muassasasining filiallari ochildi. Holbuki, 2016 yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar o'sishga erishganimiz, hech shubhasiz, yoshlarimiz, butun jamiyatimizning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarga yanada yaqinlashtirish yo'lidagi harakatlarimiz natijasidir.

Keyingi besh yilda oliy ta'limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo'lish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. O'zingiz qiyoslab ko'ring, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko'paytirilgani, o'tgan yilgi tajribamizni yangi bosqichga ko'tarib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini ta'minlashga qaratilgan amaliy e'tiborimiz namunasidir.

Biz 2030 yilga qadar maktab, litsey va kollej  bitiruvchilarini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazishni reja qilganmiz va bunga albatta erishamiz.

Bu yil Toshkent shahrida eng yuksak xalqaro talablarga javob beradigan “Yangi O'zbekiston” universiteti tashkil etildi. Ushbu universitet mamlakatimizdagi barcha oliy o'quv yurtlari uchun namuna bo'ladi. Eng bilimli va iste'dodli yoshlarimiz shu yerda o'qiydi.

Biz uzluksiz milliy ta'lim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uyg'un va mutanosib rivojlantirishga alohida e'tibor bermoqdamiz. Oxirgi to'rt yilda bolalarimizni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan 2 barobar ortib, 60 foizga yetgani, bog'chalar soni esa 3 marta ko'payib, 14 mingdan oshgani ana shunday islohotlarimiz natijasidir.

Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi O'zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g'oya asosida maktab ta'limi tizimida ham katta o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni ko'payib bormoqda.

“Besh muhim tashabbus” dasturi, “Barkamol avlod” markazlari doirasida yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish uchun bu yilning o'zida 36 mingta qo'shimcha to'garak tashkil etilib, 874 mingga yaqin bola ularga jalb etildi. Shuningdek, ta'lim muassasalari, kutubxona va o'quv markazlariga qariyb 100 mingta san'at va sport inventarlari, kompyuterlar, 600 mingga yaqin kitob yetkazib berildi.

Ayniqsa, navqiron o'g'il-qizlarimizning tadbirkorlik sohasidagi g'oya va tashabbuslarini ro'yobga chiqarish, ularni ish va daromad manbai bilan ta'minlashga davlat miqyosida katta ahamiyat berilmoqda. Ana shunday e'tibor tufayli so'nggi to'rt yilda 30 yoshgacha bo'lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko'payib, 500 mingdan oshgani, hech shubhasiz, ushbu soha rivojida muhim rol o'ynamoqda. Bu yilning o'zida 92 mingdan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard so'm imtiyozli kreditlar ajratilgani bunday yoshlarimiz safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Mahallalarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga o'qitish kurslarida minglab o'g'il-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda.

Bu yildan boshlab, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo'nalishidan kelib chiqib, qishloqlarda yoshlarga 10 sotixdan 1  gektargacha yer maydonlari ajratish boshlandi. Natijada qishloqda yashayotgan 230 mingdan ortiq yoshga 61 ming gektar yer maydoni ajratib berildi. Shuningdek, g'alladan bo'shagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekinlar ekish uchun ajratildi.

Yoshlar o'rtasida kambag'allikni kamaytirish, ularni o'zini o'zi band qilishga rag'batlantirishda “Yoshlar daftari”, yoshlar dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega bo'lmoqda. Shu yilning 8 oyi mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so'm mablag' yo'naltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari bo'lgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt pullari to'lab berildi.

Bu yildan boshlab ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq miqdorini byudjetdan to'liq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard so'm, kelgusi yilda esa 500 milliard so'm mablag' 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.

Talaba yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tizim asosida yotoqxona bilan ta'minlanmagan 62 ming nafar o'g'il-qizlarimizga oylik ijara to'lovining 50 foizi byudjetdan to'lab berildi.

Albatta, bu boradagi ishlarimiz nafaqat izchil davom ettirilmoqda, balki yanada yuqori bosqichga ko'tarilmoqda. Shu maqsadda 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmon bu fikrni tasdiqlaydi.

Mazkur hujjatda mamlakatimiz yoshlari uchun qo'shimcha 30 dan ortiq yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratish ko'zda tutilgan. Ana shunday imkoniyatlardan faqat bittasi haqida fikr yuritmoqchiman. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning oliygohlarda ta'lim olayotgan farzandlarining 2021-2022 o'quv yilidagi kontrakt puli birinchi o'quv yili uchun Davlat byudjeti hisobidan to'lab beriladi. Bunday imkoniyatdan yurtimiz bo'yicha 4 mingdan ziyod oilalar farzandlari foydalanadi. Buning uchun byudjetdan 29,2 milliard so'm ajratiladi.

Yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo'llab-quvvatlash, ularning ta'lim-tarbiya olishi, ish joyi va uyiga ega bo'lishi, jamiyatda munosib o'rin topishi, “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlar va “Bolalar shaharchasi”ning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga jiddiy e'tibor berilmoqda.

Ayniqsa, “Mehribonlik uylari”dagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilimli, kasb-hunarli va ma'naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish – hammamizning muqaddas burchimiz. Shularning barchasini hisobga olib, “Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda ta'lim-tarbiya samaradorligini oshirish bo'yicha yangi tizimni joriy etmoqdamiz.

Ana shunday o'quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini o'rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro'yobga chiqarish bo'yicha yangi tizim – “Mehr daftari” joriy etilmoqda. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni uy-joy bilan ta'minlash tartibi belgilandi. Unga ko'ra, o'ziga biriktirilgan uy-joyga ega bo'lmagan va turarjoyga muhtoj sifatida hisobda turgan ana shunday bolalarga ular 18 yoshga to'lgan yili umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo'lmagan 1 xonali, voyaga yetgan bolalar o'rtasida nikoh tuzilgan holatlarda esa 50 kvadrat metrdan kam bo'lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

O'ylaymanki, insonparvarlik ruhi bilan yo'g'rilgan bunday islohotlarimiz buyuk Alisher Navoiy bobomizning bitta ko'ngli o'ksik odamni xursand qilish – Ka'bani obod etish bilan barobar, degan teran ma'noli so'zlariga, mehr-oqibat, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlarni doimo qadrlab, ulug'lab yashaydigan xalqimizning orzu-intilishlariga har tomonlama uyg'un va hamohangdir.

Men yurtimizning qaysi hududi, shahar va qishlog'ida bo'lmayin, albatta u yerdagi yoshlar bilan uchrashaman. Ochiq va samimiy suhbatlarda ularning sog'ligi, o'qishi, orzu-intilishlari, qishlog'i yoki mahallasidagi shart-sharoitlar bilan qiziqaman.

Bilasizmi, dunyodagi davlatlar, xalqlarning rivojlanish darajasini ko'rsatadigan mezonlar, parametrlar ko'p. Lekin men uchun shu boradagi eng muhim mezon – bu yoshlarimizning baxti, kamolidir.

Yangi O'zbekistonning nafasi, sur'ati va shiddatini avvalo aziz o'g'il-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida ko'raman.

Yaqinda 30 iyun – Yoshlar kunida navqiron avlodimiz vakillari bilan yana bir bor uchrashib, ularning turli sohalardagi izlanishlarini ko'rib juda xursand bo'ldim.

Ishonchim komilki, farzandlari doimo izlanish va intilishda bo'lgan, yuksak marralarni ko'zlab, oldinga qarab intiladigan xalq va davlat o'z oldiga qo'ygan maqsadlarga albatta yetadi. Chunki bunday harakatlar ertaga qudratli to'lqinga aylanib, hayotimizni bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi va obod qilish, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib keladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82714 | Инструменты