Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda ijtimoiy soha tashkilotlari ham eksport faoliyatida faolroq ishtirok etishi zarurligi taʼkidlandi.
O‘tgan yili “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlandi. Jarrohlik, dermatologiya, endokrinologiya markazlari chet ellik fuqarolarga xizmat ko‘rsatishdan 1 million dollargacha mablag‘ tushirayotgan bo‘lsa, 18 ta ilmiy markazda xizmatlar eksporti 300 ming dollarga yetmayapti.
Shu munosabat bilan 24 ta ixtisoslashgan markazning tibbiy xizmatlar eksportini 30 million dollarga yetkazish, Osiyo taraqqiyot banki bilan 5 ta ixtisoslashgan markazni xususiy boshqaruvga berilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.
Qo‘shni davlatlar bilan chegaradagi postlarga yaqin hududda joylashgan 60 ta shifoxonada o‘tgan yili 300 mingdan ziyod odamga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Masalan, birgina “Ayritom” xalqaro savdo zonasida ochilgan xususiy klinika o‘tgan yilni o‘zida 15 ming chet ellik fuqaroga tibbiy xizmat ko‘rsatdi.
Lekin 3 ta davlat bilan chegaradosh, 7 ta bojxona posti bo‘lgan Toshkent viloyatidagi chegara oldi hududida birorta klinika yo‘q. Namanganda ham shu ahvol.
Shu bois, viloyat hokimlariga qo‘shni davlatlar bilan chegara oldi hududlarida 21 ta ko‘p tarmoqli klinika tashkil qilishni boshlash topshirildi.
So‘nggi sakkiz yilda 125 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Shundan 23 tasi xorijiy universitet filiallari.
Lekin, o‘tgan yili oliy taʼlimda eksport atigi 26 million dollarni tashkil qilgani imkoniyatlarga mutlaqo mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oliy taʼlim vazirligiga “Top-1000”talikka kirgan 2 ta oliygoh bilan cheklanib qolmasdan, yaqin yillarda ularni 10 taga yetkazish choralarini ko‘rish topshirildi.
O‘tgan yili 15 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berildi. Tadbirkorlar 86 milliard so‘m investitsiya kiritib, 1,5 mingdan ziyod madaniy tadbir tashkil qildi.
Vazirlik tizimidagi yana 120 ta madaniyat va sanʼat markazi bo‘sh turibdi. Shu munosabat bilan madaniyat vaziriga markazlarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida xususiy sektorga berishni tashkillashtirish topshirildi.
Yig‘ilishda hudud rahbarlari va vazirlarning hisoboti tinglandi, tadbirkorlarning namunali tajribasi ko‘rib chiqildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20720 | Инструменты