Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Xonadonlarda kichik ishlab chiqarishlar tashkil etish G‘ijduvonda allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.
Lekin, 100 dan ortiq sanoat mahsulotlari xonadonlarda biznes kattalashmaydigan, “yashirin” sharoitda ishlab chiqarilmoqda. Bu oilalar “soya”dan chiqishi uchun uyiga uzoq bo‘lmagan hududdan joy, elektr va mablag‘dan yordam kerak.
Mutasaddilarga 20 ta mahalladagi bo‘sh yerda ishlab chiqarish inshootlarini qurib, 400 ta oilaga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish va 2 ming ish o‘rnini rasmiylashtirish topshirildi.
Shuningdek, soyadan chiqib ishlamoqchi bo‘lgan oilalarga 100 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Bu tadbirkorlar ish o‘rni va aylanmasini qonuniylashtirgani uchun ularning bir yilda to‘lagan soliqlarining yarmi qaytarib beriladi.
Bunday ishlash tartibi G‘ijduvon tajribasi bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, G‘ijduvonda bu yil 3 mingga yaqin yoshlar maktabni bitirmoqda va 800 nafari oliygohga kirmasdan, kasbga o‘qish istagini bildirgan.
Viloyatdagi eng yirik to‘qimachilik korxonalaridan biri – “Parvoz humo” korxonasi matoni bo‘yash va tayyor kiyim-kechak sexlarini ishga tushirmoqda.
Tadbirkor 10-11-sinf va kollej o‘quvchilariga darsdan so‘ng kasb o‘rgatib, 2 million so‘mgacha oylik to‘lash, bepul tushlik va tekin avtobus bilan taʼminlash taklifini bildirgan.
Bundan tashqari, tadbirkor tumandagi 2-son kasb-hunar kollejiga korxona sexlaridan “amaliy monomarkaz” sifatida foydalanishga, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti kafedrasini korxona hududida joylashtirib, ham o‘qituvchilarga, ham talabalarga sharoit qilib berishga tayyor.
Davlat rahbari tadbirkorning barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50721 | Инструменты