Sportdagi korrupsiyaviy holatlar uchun alohida jinoiy javobgarliklar belgilanmoqda

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Maʼlumki, keyingi yillarda O'zbekistonda sportni ommalashtirish, sport turlarini yana-da rivojlantirish va sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga hozirgi vaqtda mazkur sohadagi qonun hujjatlariga sportdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan yangi normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olganligi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lganligi, shuningdek, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun milliy qonunchiligimizni zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, sport sohasidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga, shuningdek respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51915 | Инструменты