Sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlarga qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilyapti

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “Baholash faoliyati yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O'zbekistonda xususiy mulk daxlsizligi va mol-mulkning haqiqiy bozor bahosini shakllantirish va uni ishonchliligini taʼminlash yuzasidan qator tizimli choralar ko‘rilmoqda.

Majlisda taʼkidlanganidek, bugungi kunda amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq baholash faoliyatiga oid ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.

Xususan, sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlar uchun umumiy baholash qoidalari va tartiblari belgilanmagan.

Natijada sohani takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga kelgan.

Jumladan, “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga muvofiq baholovchi, nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda faqat baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ekspert sifatida ham ishtirok etishi mumkin.

 “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalarga asosan kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan sud ekspertlari baholash to‘g‘risidagi hisobotlarda qo‘llanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Sud ekspertining tekshirishlarni o‘tkazishda uning xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek, tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish bo‘yicha majburiyati nazarda tutilmoqda.

Kiritilayotgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirish chog‘ida muammolarni bartaraf etishga, fuqarolarning ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga, shuningdek, respublikamizda mol-mulkning haqiqiy qiymatini aniqlashga doir yagona yondashuvni joriy etishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51915 | Инструменты