Poytaxtda O‘zbekistonda ekologik va iqlim o‘zgarishiga chidamli shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan ushbu forumda mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek, Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, Shveysariyaning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha Davlat kotibiyati (SECO), BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Jahon bankining shaharsozlik, barqarorlik va yerdan foydalanish bo‘yicha global amaliyot bo‘limi menejeri Kristof Push va boshqalar O‘zbekistonda ekologik va iqlim o‘zgarishiga chidamli shaharlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonda xorijiy tajribani o‘rganish va galdagi rejalarda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Shuningdek, unda mamlakatda urbanizatsiyaning tez surʼatlarda o‘sishi, mintaqalar va shaharlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishi, ularning tabiiy ofatlarga chidamliligini oshirish hamda hududiy rejalashtirish va rivojlantirish sohasidagi islohotlarni amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, 2025 yilning O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilinishi mamlakatning ekologik barqarorlik va iqlim o‘zgarishiga moslashish borasidagi saʼy-harakatlarida strategik ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashabbus doirasida ekologik va iqlim o‘zgarishiga chidamli shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro forumning o‘tkazilishi global hamkorlikni mustahkamlash hamda “yashil” rivojlanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 37 million aholining yarmidan ko‘pi shaharlarda istiqomat qiladi. 2050 yilga kelib shahar aholisining soni prognozlarga ko‘ra 50 foizga o‘sishi kutilmoqda. Atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda o‘sib borayotgan aholi talablarini qondirish uchun shahar infratuzilmasini, xususan, transport, energetika, chiqindilarni qayta ishlash kabi sohalarda tizimli islohotlarni amalga oshirish zarur.
Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov qayd etganidek, “yashil” iqtisodiyot faqat energetikaga emas, balki jamoat transporti, “yashil” hududlarni ko‘paytirish bilan ham bog‘liqdir.
–Iqlim o‘zgarishi hisobidan shaharlarning issiqlik to‘lqinlari va suv toshqinlari kabi iqlim xavf-xatarlariga nisbatan barqarorligini oshirish muhim masala hisoblanadi. O‘zbekistonda shahar migratsiyasi iqtisodiy o‘sish surʼatlariga nisbatan jadal bo‘lmoqda. Bu esa aholining mehnat resurslari va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarida farqlarni yuzaga keltiryapti. Bu shahar xo‘jaligini boshqarish va rejalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish zaruratini vujudga keltirmoqda. Mazkur masalalarni hal qilish, xususan, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng foydalanish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va iqlim o‘zgarishining mahalliy aholi turmush tarziga va infratuzilmaga taʼsirini hisobga olgan holda, shaharsozlikni rejalashtirishga sarmoya kiritishni talab qiladi. Kelgusida har bir hudud “yashil” hududlarni rivojlantirish borasida majburiyatlarni oladi. Bu jarayonda biz Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda tadbirlarni amalga oshiryapmiz. Bugungi tadbir ana shunday maqsadlarimiz uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishga xizmat qiladi, –dedi I. Norqulov.
Shu talablardan kelib chiqib, mazkur forum ishtirokchilar uchun O‘zbekistonda barqaror urbanizatsiyani qo‘llab-quvvatlash va ekologik, iqlimga chidamli hududlar va shaharlarni rivojlantirishga qaratilgan yechimlarni muhokama qilish uchun muhim platforma yaratib bergani bilan ahamiyatlidir.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova O‘zbekiston hukumati o‘z oldiga iqtisodiy o‘sishga erishish va aholi farovonligini taʼminlashdek ulkan maqsadlar qo‘yganini taʼkidladi.
–Ushbu forumda Jahon bankining vakili sifatida qatnashganimdan xursandman. Jahon banki boshqa hamkorlar bilan birgalikda ushbu maqsadlarga erishishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlaydi. Dunyoda barcha mamlakatlar rivojlangani sari ularda urbanizatsiya jarayonlari ham kuchayib boradi. Bugungi kunda mamlakatingizning yarim aholisi urbanizatsiyalashgan hududlarda istiqomat qiladi. Yurtingizdagi ulkan o‘zgarishlar sababli ushbu ulushning oshib borishi kutiladi. O‘zbekiston hukumati va boshqa manfaatdor tomonlar urbanizatsiyalashtirish bo‘yicha puxta choralar ko‘rmoqda. Bugungi forum bu masalada amaliy natijalar beradi, degan umiddaman, –dedi T.Proskuryakova.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120423 | Инструменты