Shu yilning 26-oktabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva O'zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Azaliy qardosh o‘zbek va qozoq xalqlarining o‘tmishi hamda buguni, orzu-niyatlari hamda intilishlari mushtarak ekani, nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi balki, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalarni hal etishda saʼy-harakatlarni birlashtirishda muhim rol o‘ynayotgani alohida taʼkidlandi.
Prezidentlarning o‘zaro ishonch va mustahkam siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligiga eʼtibor qaratilib, so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshgani, birgina joriy yilning yanvar-avgust oylarida savdo aylanmasi 2,8 milliard dollarga yetgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, muloqot davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani, savdo hajmini 10 mlrd dollarga oshirish uchun barcha asoslar mavjud ekanligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni amaliy mazmun bilan boyitish muzokaralarning asosini tashkil etdi.
Xususan, parlamentlararo hamkorlik Kengashi ishini faollashtirish ikki tomonlama kelishuvlarning amalda bajarilishini taʼminlashiga ishonch bildirildi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik Markaziy Osiyo taraqqiyotining drayveri ekani, parlamentlararo tuzilmalar doirasida ish olib borilishi mintaqamizdagi qo‘shnilarning ham hamjihatligiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Suhbat chog‘ida Parlamentlararo hamkorlik Kengashi, shuningdek, Qozog‘iston parlamenti Majilisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi doirasidagi aloqalarni faollashtirish, qonun ijodkorligi yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish, yosh parlament aʼzolari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida davlatlar o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, ularni hal etish uchun qonunchilikda zarur mexanizm yaratishga kelishib olindi.
Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov Oliy Majlis Senatining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21222 | Инструменты