Senatning ikkinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Majlisning ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlament, xususan, Senat oldiga qo‘ygan dolzarb vazifalariga eʼtibor qaratildi.
Senat birinchi majlisida davlatimiz rahbari mamlakatimizning keyingi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgilab bergani qayd etildi.
Shundan kelib chiqib, kengash qarori bilan Senatning istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi qabul qilindi. Unda Senat oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qirqqa yaqin aniq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari ochib berilgan.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva qonunchilik sohasida yangicha tizimda ishlash yo‘lga qo‘yilganini taʼkidladi.
– Prezidentimiz qayd etganidek, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish lozim, – dedi T.Norboyeva. – Avvalo, qonunlarni mahalliy kengashlar bilan muhokama qilish jarayoniga nafaqat joylardagi deputatlarni, balki barcha jamoatchilikni, mahalla faollariga qadar qonun ijodkorligi jarayoniga yana-da keng jalb etamiz. Endilikda Senat bu yo‘nalishda asosan deputatlar bilan birga ishlaydi. Qonunchilik taklifi birinchi navbatda quyidan, mahalliy darajadan kelib chiqishiga erishiladi. Parlament nazoratini olib borishda asosiy eʼtibor hududlarga qaratiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda aniq vazifalar va katta marralar qo‘yilmoqda. Misol uchun, Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga muvofiq, kelgusi yilda 1,2 million aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun muhim ijtimoiy masalalarni hal qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, energetika, transport, qurilish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, sport, madaniyat, ekologiya, aholi bandligini taʼminlash kabi ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni ham bugungi kun talablari asosida, aholiga yengillik yaratish nuqtai nazaridan rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilab berdi. Shunga asosan viloyat hokimlari tomonidan har bir hududni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar taqdim etildi. Bunda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan va real muammolaridan kelib chiqilmoqda.
Endilikda mazkur dasturlarning “mahalla-tuman-viloyat” kesimida ijrosini taʼminlashga, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha “qizil” hududlarga Senat va mahalliy kengashlar tomonidan alohida eʼtibor qaratiladi. Maqsad bitta: odamlarni rozi qilish!, – deya alohida eʼtirof etdi Senat Raisi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121817 | Инструменты