25-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Polsha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish doirasida ikki mamlakat nufuzli delegatsiyalari ishtirokida qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Forumda ikki davlat delegatsiyalariga Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev, Polsha tomonidan Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi Davlat kotibi Mixal Yarosh boshchilik qildi.
Dastlab ikki mamlakatning 150 dan ortiq yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Xususan, Polsha tomonidan tadbirda JAKUSZ, BIOREX Food Diagnostics, PRONAR, Fabryka Maszyn Elektrycznych DAMEL S.A., Spółdzielnia Mleczarska MLEKOVITA, Bank Gospodarstwa Krajowego (BGK), SKYBONE, HORUS-ENERGIA, TRADE CONNECT GROUP, CLEVER LOGISTICS, ABPLANALP, AMBERITE POLANYA va boshqa yuirik kompaniyalar rahbarlari qatnashdi.
Tadbirni ochar ekan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev o‘z qutlov so‘zida ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, mintaqaviy bozorlar hamda transport va logistika imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish asosida ikki tomonlama savdo munosabatlarini keskin kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yil ichida ikki barobar oshib, o‘tgan yili salkam 400 million dollarga yetdi. O‘zbekistonda Polsha sarmoyasi ishtirokida 39 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, ikki mamlakatning mintaqaviy bozorlarga imtiyozli kirish imkoniyatlardan foydalanish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Biznes-forumda O‘zbekiston iqtisodiyot tarmoqlarining imkoniyatlari hamda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, ta’lim sohalarida sof joriy qiymat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan yangi investitsiya tashabbuslari va loyiha takliflari taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda tadbirkorlarning qulay faoliyat yuritishi, huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimiz sarmoyaviy va ishlab chiqarish sohasidagi salohiyatining amaliy jihatlari haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari atroflicha koʻrib chiqilib, oʻzaro savdo koʻrsatkichlari, sarmoyalarni jalb etish va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha maqsadli meʼyorlar belgilab olindi.
Forum dasturi doirasida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda tadbirkorlar yangi aloqalar o‘rnatish, o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish va savdo shartnomalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Dasturga muvofiq tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida o‘z ishlarini davom ettirdilar.
Yig‘ilishda tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining amaldagi kelishuvlar ijrosi yuzasidan ma’ruzalari tinglandi. Loyihalarning har bir bosqichi atroflicha tahlil qilinib, ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha samarali yechimlar ishlab chiqildi, muddatlar va mas’ullar belgilab olindi.
Tadbirlar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi bayonnomasi hamda qator ikki tomonlama shartnomalar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi bilan Polsha investitsiyalar va savdo agentligi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Polsha Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida Ishbilarmonlar kengashini tashkil qilish to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil (Biznes-ombudsman) va Polsha Respublikasining Kichik va o‘rta biznes bo‘yicha Ombudsmanı o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22700 | Инструменты