2025-yilning 26-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Saudiya Arabistoni “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jon Zaidi bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat rahbarlarining do‘stona munosabatlari va siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Saudiya munosabatlari yana-da rivojlanib, hamkorlik jadal surʼatda kengayayotgani, yirik investitsiya loyihalari, eng avvalo, energetika sohasida ilgari surilayotgani yuqori baholandi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda Saudiya Arabistoni Qirolligining O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalarining umumiy hajmi 27,3 mlrd dollarni tashkil etib, 59 ta loyihani qamrab olgan.
Shu jumladan, “ACWA Power” kompaniyasi mamlakatimizning turli hududlarida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yashil energetikani rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarni ilgari surishga hissa qo‘shayotgani, O‘zbekistoning yashil energiya sohasida strategik hamkoriga aylangani alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, kompaniyaning mamlakatimizda yashil vodorodni rivojlantirishdagi ko‘magi yuqori baholanib, vodorod qurilmalarini qurish loyihalarini respublikamiz uchun zarur va istiqbolli ekani eʼtirof etildi.
Shuningdek, suhbat chog‘ida atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yashil energetikaga oid strategik dasturlarni joriy etishga qaratilgan zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Muloqot so‘nggida shunday o‘zaro manfaatli hamkorlik uzoq muddat davom etishi va istiqbolda ham kengayib borishiga ishonch bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22621 | Инструменты